Telefon: +99891 444-88-88
E-mail: info@jts.uz

"Ochofat" data-markazlar

Google va Facebook data-markazlari butun boshli shaharlardan ko‘ra ko‘proq elektr energiyasi iste’mol qilarkan, desak ishonasizmi? Qo‘ysangizchi, deb ishonqiramayapsiz-a? Lekin haqiqatan ana shunday. Elektron pochtangizda yuzlab, minglab kelgan/yuborilgan xatlar bor, to‘g‘rimi? Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizga qanchalab fotosuratlar, matnlar, videolar yuklagansiz. O‘ylab ko‘rganmisiz, ular qayerda turadi? Havodami yoki yerning sun’iy yo‘ldoshidami?

Yoki hozir «moda»ga aylangan bulutli texnologiyalarni olaylik. «Ma’lumotlaringiz kompyuter yoki smartfoningiz xotirasini egallab o‘tirmaydi, ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri «bulutlar»ga joylab, o‘sha yerdan olib ishlataverasiz» degan da’volarni eshitamiz. Nima, rostdan ham bulutlarda turadimi, ma’lumotlarimiz?

Tabiiyki, yo‘q. Ular hammasi qudratli kompyuterlar – serverlarning xotiralarida saqlanadi. Har qanday saytga tashrif buyurganda, aslida havoyi, virtual joyga emas, balki boshqa bir kompyuterga kirganimizdek, ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarimiz ham kompyuterlarda saqlanadi. Faqat ular juda qudratli va bizning shaxsiy kompyuterimizga o‘xshamaydigan qurilmalardir.

Mana shunday ma’lumotlar o‘rnatilgan kompyuterlar majmuasini «data-markaz» deb ataydilar. Har bir saytning o‘z data-markazi bor. Kichikroq saytlar esa, xosting kompaniyalarining data-markazlarida «ijarada» turadilar.

Lekin bugun mayda saytlarga emas, Internet olamidagi «akula»larga to‘xtalamiz. Esingizda bo‘lsa, avvalgi sonlarimizdan birida Facebookga bir kunda 250 millionta fotosurat yuklanishini aytgandik. Bir surat o‘rtacha 3 MB deb olsak, har kuni Facebook fotosuratlar ombori tahminan 750 million megabaytga kengayib borarkan.

Mana shuncha axborotni sig‘dirish uchun ijtimoiy tarmoqlar va yirik saytlar butun boshli mahalladek keladigan data-markazlar qurishga majbur bo‘ladilar. Markazlar qurish – bu muammoning bir uchi. Eng asosiysi – data-markazlarni elektr energiyasi bilan to‘xtovsiz ta’minlab turishdir.

Chunki, bu data-markazlarning bir zumga bo‘lsin, «o‘chishi» ijtimoiy tarmoqning to‘xtab qolishiga olib keladi. Buni esa, sayt egalari eng qo‘rqinchli tushlarida ham ko‘rishni istamaydilar.
Darhaqiqat, energiya iste’moli Google va Facebook kabi gigantlarning ham bosh og‘rig‘i sanaladi. Biz telefonimizning zaryadkasi uyga yetib olgunimizcha tugab qolmasin deb hadikda bo‘lsak, bu data-markazlar butunlay boshqacha ko‘lamda xavotirda bo‘ladilar. Chunki ular tejab-tergab ishlatmasalar, butun boshli shaharlar, mintaqalar energiya tizimlarini ishdan chiqarib yuboradilar.

«Google»ning 900 mingta data-markazidan birortasi bo‘lsa ham quyosh batareyalari yoki shamol parraklari yordamida energiya bilan ta’minlansa, kompaniya xarajatlarini millionlab dollarga kamaytirgan bo‘lardi.

Gapimiz quruq bo‘lib qolmasligi uchun ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan bir faktni keltiramiz: Facebook ijtimoiy tarmog‘i AQShning Oregon shtatidagi Kruk okrugi (viloyati)da qurayotgan yangi data-markazning birinchi bosqichining o‘zi 28 megavatt elektr energiyasi iste’mol qiladi. Shu paytgacha esa, Kruk okrugi aholisi, ishlab chiqarish va ma’muriy korxona-tashkilotlar hammasi birgalikda 30 megavatt elektr energiyasi sarflardilar. Ya’ni, birgina Faceboo» data-markazi butun boshli okrug bilan barobar elektr tokini «hazm» qilarkan.

Google ham undan qolishmaydi: 2011- yilda ushbu qidiruv sayti jami data-markazlarining umumiy quvvati 220 megavattga teng bo‘lgandi. Shu sababli ham, internet-gigantlar muqobil energetikaga katta qiziqish bildirmoqdalar. Quyosh energiyasi, shamol va boshqa manbalardan elektr toki olish bu kompaniyalarning byudjetiga ancha-muncha yengillik bergan bo‘lardi. O‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring, 220 megavatt uchun qancha pul to‘lashga to‘g‘ri keladi?

Bu muammoning ekologik jihati ham bor. O‘nlab, yuzlab megavatt energiya iste’mol qiladigan bunday qudratli kompyuterlar ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Shu o‘rinda aytish kerakki, siz-u biz ham bunga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Serverlarga jo‘natiladigan HTTP-buyurtmalar biz o‘ylaganchalik bepul, bezarar va arzimas emas.

Mutaxassislarga ko‘ra, Googledagi qidiruv natijalari aks etgan har bir sahifaning ochilishi atmosferaga 0,2 grammdan 7 grammgacha karbonat angdrid gazi chiqarilishiga sabab bo‘ladi. Olim va yozuvchi Bryus Sterling bu jarayonni shunday ta’riflagandi: «Har gal Enter tugmasini bosganimizda, monitor ortidan bir qora bulut osmonga ko‘tarilganini tasavvur qilib turishimiz kerak».

Mana shunday gaplar. Bizga juda jo‘n va arzimas ko‘ringan ishlar ortida ana shuncha tashvishlar yotganini unutmaylik.

Hozirgi kunda kompaniyamiz ko'rsatayotgan xizmatlar yuqori darajada. Bunday yutuqlar bilan boshqa har qanday firma maqtana olmaydi. Biz o'z ishimizni vijdonan a'lo darajada amalga oshirishga kafolat beramiz.

Bepul maslahat olish
uchun ariza qoldiring

×

Sizni qiynayotgan muammolarga yechim topolmayapsizmi ?
Unda bizning mutaxassislarimiz sizga yordam berishadi.
+99890 712-69-65 raqamiga qo'ng'iroq qiling
yoki maslahat olish uchun ariza qoldiring.